Hozirda Rossiyada noqonuniy muhojirlar soni 630 mingga yetdi. Tegishli raqamlar RF bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikova raisligidagi migratsiya siyosati bo‘yicha hukumat komissiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb yozadi «Kommersant» manbalariga tayanib.
Nashrning qayd etishicha, yig‘ilishda, xususan, migratsiya hujjatlari bekor qilingan yoki muddati o‘tgan migrantlar, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan va mamlakatdan chiqarib yuborilishi kerak bo‘lgan muhojirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan nazorat qilinadigan shaxslarning maxsus reyestrini yaratish masalasi muhokama qilingan.
Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoyning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya Federatsiyasida bo‘lish rejimini buzgan, ikki va undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik yoki noqonuniy mehnat faoliyati olib borayotgan 630 mingga yaqin noqonuniy migrantlar bor, deb yozadi «Kommersant».
Gorovoyning ta’kidlashicha, barcha noqonuniy muhojirlar taklif qilinayotgan reyestrga birdaniga kiritiladigan bo‘lsa, «hech qanday IT infratuzilmasi bunga dosh berolmaydi», shuning uchun birinchi navbatda nisbatan kichik huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan noqonuniy migrantlarga amnistiya qo‘llashni taklif qildi.
Federal xavfsizlik xizmati kontrrazvedka xizmati rahbari Vladislav Menshchikov FSB Ichki ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosarining bu taklifini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini bildirdi, deb yozadi «Kommersant».
Qayd etilishicha, 2023-yilda Rossiya Federatsiyasida qonuniy ravishda bo‘lgan mehnat muhojirlari soni 3,5 million kishidan oshmagan. Ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolaridir.
Noqonuniy muhojirlarning mamlakatdan ixtiyoriy chiqib ketishini rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqilayotgan nazorat qilinadigan shaxslar reyestrini 2025-yilda joriy etish rejalashtirilgan.
Rossiya Federatsiyasida muhojirlarning bo‘lish tartibini qat’iylashtiruvchi va bunday reyestrni yaratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi joriy yilning iyun oyi oxirida Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan edi. Prezident ushbu hujjatni 8-avgust kuni imzoladi va u 5-fevraldan kuchga kirishi kerak.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!