“Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy respublika ko‘rik-tanloviga hujjatlarni qabul qilish jarayoni boshlangani haqidagi e’lonni o‘qigach, menda ham mazkur tanlovda qatnashish ishtiyoqi tug‘ildi va 2023-yilning 1-avgustidan 2024-yilning 1-avgustigacha bo‘lgan davrda Qashqadaryo teleradiokompaniyasi “Oltin voha” radiosi orqali efirga uzatilgan 10 dan ortiq eshittirishlarimni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limiga topshirdim. 2024-yil 21-avgust kuni g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tanlovning “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari” yo‘nalishida hakamlar hay’ati a’zosi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari G‘ulom Abdiyev 1-o‘ringa loyiq ko‘rilib, diplom va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlanganini qanday izohlash mumkin? Hakamlar hay’ati a’zosi o‘zini g‘olib deb topishi g‘alati emasmi?, deydi jurnalist.

To‘lqin To‘raqulovning ma’lumot berishicha, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Galoviddin Yo‘ldoshev tanlovga qashqadaryolik shoir va yozuvchilar, jurnalist va blogerlar, rassom, dizayner va fotograflarning 200 dan ortiq ijodiy ishlari qabul qilinganini aytgan.

Foto: To‘lqin To‘raqulov

Galoviddin Yo‘ldoshev barcha ishlar O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat bo‘limlari mas’ullaridan tarkib topgan hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, “Bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari”, “Internet-jurnalistika”, “Kino san’ati asarlari”, “Televideniye va radio ijodkorlarining materiallari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanganini aytdi. Ko‘p o‘tmay tadbir ishtirokchilariga hakamlar hay’ati a’zosi sifatida tanishtirilgan G‘ulom Abdiyev g‘oliblar safida ham borligi ma’lum bo‘ldi, deydi To‘lqin To‘raqulov.

Jurnalist tanlov o‘tkazilishiga e’tiroz bildirar ekan, “Tanlov nizomiga ko‘ra, o‘tgan uch yil davomida g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarning ijodiy ishlari ko‘rib chiqilmaydi, deyilgandi. Afsuski, tanlov jarayonida bu talabga ham amal qilinmadi. Hatto 2022 va 2023-yillarda ham tanlovda ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy olgan ba’zi ijodkorlar bu yil ham qatnashib, birinchi va ikkinchi darajali diplom bilan  taqdirlanganini qanday tushunish mumkin?, deydi.

Foto: To‘lqin To‘raqulov

To‘lqin To‘raqulovning qo‘shimcha qilishicha, bu yilgi tanlovda 1-, 2- va 3-o‘rinlar ikkitadan bo‘lib, mas’ul bu orqali o‘zi rahbarlik qilayotgan, tashkil topganiga hali olti oy ham bo‘lmagan “Mahalla 7ligi” gazetasi xodimlarini rag‘batlanlantirgan.

Tadbir yakunida so‘zga chiqqan “O‘zbekiston 24” teleradiokanali katta muharriri Shoira Umrzoqova teleradiokompaniyada ishlovchi tasvirchilar, montaj ustalari tanlovda qatnashmayotganini, keyingi yilda ular uchun ham qo‘shimcha alohida nominatsiya tashkil etish bo‘yicha hozirda o‘z taklifini ilgari surayotganini bildirdi. Shu payt O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari Galoviddin Yo‘ldoshev o‘zicha qaror chiqarib, “Bu nominatsiyani biz hozir shu yerning o‘zida tashkil qilamiz?”, deb tadbirni yoritish uchun kelgan Qashqadaryo viloyat teleradiokompaniyasi tasvirchisi Sanjar Mo‘minov hamda “Nasaf” telekanali tasvirchisi Yorqin Suvonovlarni yoniga chaqirib, “Bu ikkovi bu yilgi tanlovning g‘olibi”, deya e’lon qildi. Eng achinarlisi, ularga boshqalarning diplomini topshirib, bu jarayonni televideniye va rasmlarga oldirdi. Afsuski, ushbu tasvirchilarga hozirga qadar diplomi berilgani yo‘q, deydi u.