Jamiyat

AKFA universitetiga qarshi ish qoʻzgʻatildi

AKFA universitetiga qarshi ish qoʻzgʻatildi

Universitet 7 nafar talaba fuqarolarga jami 167.500.000 soʻm mablagʻni qayta hisob-kitob qilib, qaytarib berishi kerak boʻladi. Ular tanlagan oʻqish yoʻnalishi litsenziya yoʻqligi sabab yopilgan. 

Raqobat qoʻmitasi AKFA universitetiga qarshi ish qoʻzgʻatib, 7 nafar talaba toʻlagan toʻlov pullarini qaytarish boʻyicha koʻrsatma berdi.Universtitetning “Commercial Law” (Tijorat huquqi) yoʻnalishida bir yil oʻqigan va keyingi yildan ushbu yoʻnalishda oʻqish toʻxtatib qoʻyilganligi, toʻlangan pullar qaytarib berilmayotganligi toʻgʻrisida 10 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatlar boʻyicha oʻtkazilgan tahlillarga koʻra, 2022 yil 10 yanvarda turli OAVda AKFA universitetiga 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul boshlanganligi toʻgʻrisida reklama axborotlari joylashtirilgan hamda reklamalarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek “Tijorat huquqi” taʼlim yoʻnalishi uchun ham davom etayotganligi bayon qilingan.

Universitetga nodavlat oliy taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan taʼlim yoʻnalishlarida “Tijorat huquqi” mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yoʻnalishda oʻqitish uchun 2022/2023 oʻquv yilida talabalar oʻqishga qabul qilingan va 4 yillik (8 ta semestr) oʻqish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan.

Talabalar 12,5 mln soʻmdan 25,0 mln soʻmgacha kontrakt toʻlovini toʻlagan (Qoʻmitaga kelib tushgan 7 ta murojaatlar boʻyicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablagʻ miqdori 167.500.000,0 soʻm).

Oʻqish maʼlum bir muddat davom etgan. 2023 yil avgust oyida talabalarga “Tijorat huquqi” yoʻnalishida oʻqitish uchun litsenziya berilmaganligi sababli keyingi 2023/2024 oʻquv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki Xalqaro biznes taʼlim yoʻnalishida oʻqish taklif qilingan. Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa taʼlim yoʻnalishida oʻqishga rozi boʻlgan.

Biroq, Universitet tomonidan bugungi kunga qadar koʻrsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan.

Mazkur holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi (xizmatning xavfsiz boʻlishi, ijrochining gʻayriqonuniy harakati tufayli yetkazilgan moddiy ziyoni toʻliq hajmda qoplanishi), 7-moddasi (notoʻgʻri reklama oqibatida isteʼmolchiga yetkazilgan zarar qoplab berilmaslik), 12-moddasi (xizmatni amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda bajarilgan boʻlishi), 19-moddasi (shartnoma shartlarini bajarmaslik), 21-moddasi (shartnomaga isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan shartlarni kiritish, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olish) talablari buzilganligi yuzasidan Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 12.10.2005-yildagi 225-sonli (10.07.2024 y. 405-sonli) qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan “CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MChJga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, ish maxsus komissiya tomonidan arizachilar ishtirokida koʻrib chiqildi.

“CENTRAL ASIAN UNIVERSITY” MChJ tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 7, 12, 19 va 21-moddalari talablari buzilgan deb topilib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik, koʻrsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talaba fuqarolarga jami 167.500.000 soʻm mablagʻni qayta hisob-kitob qilish, shuningdek boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan koʻrsatma berildi.

Maʼlumot oʻrnida, Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan (koʻrsatmasidan) norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.