Moskva va Toshkent “respublikada fuqarolik uchuvchisiz havo tizimlari va ularning komponentlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”, dedi Mishustin.

Shuningdek, Rossiya O‘zbekistonda temiryo‘l mashinasozligi sohasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Mishustinning O‘zbekistonga tashrifi

Rossiya bosh vaziri 9-sentyabr kuni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Uni aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov kutib oldi. Shu kuni ikki davlat hukumati rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi majlisi bo’lib o’tdi.

Keyingi yetti yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravar ko‘paydi. Joriy yilning 7 oyida esa tovar ayirboshlash hajmi yana 30 foizga oshgan. Majlisda davlatlar rahbarlari tomonidan hukumatlar zimmasiga o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollargacha yetkazish vazifasi qo‘yilgani, bunga erishish uchun hamkorlik loyihalarini amalga oshirish hamda import o‘rnini bosish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlangan.

Majlisda istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini taʼminlash va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari ko‘rilgan. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike qabul qilingan, bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolangan.

10-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muzokaralar davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Rossiya prezidentning joriy yil 26—28-may kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida qabul qilingan qaror va kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.