Jamiyat

Poytaxt maktablarining birida Milliy gvardiya xodimlari uchun pul yigʻilayotgani haqida xabar tarqaldi

Poytaxt maktablarining birida Milliy gvardiya xodimlari uchun pul yigʻilayotgani haqida xabar tarqaldi

Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 265-maktabda Milliy gvardiya xodimlariga qoʻriqchiligi uchun ota-onalardan pul yigʻib olinmoqda, deb xabar berdi Xabar.uz.

Bunda nashr kelib tushgan murojaatda tayangan.

Taʼkidlanishicha, ota-onalar guruhida guruh rahbari shu mazmundagi xat bilan post qoldirgan.

Postda avgust oyida katta majlis boʻlib oʻtgani, majlisda oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlab turadigan Milliy gvardiya xodimlariga maktab maʼmuriyati va ota-onalar tomonidan homiylik asosida pul toʻlanishiga bir ovozdan kelishib olingani yozilgan.

 

Holat yuzasidan Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo’yicha boshqarmasi bergan rasmiy munosabatga koʻra, maktablar xavfsizligini taʼminlash maqsadida ajratilgan qorovul shtatlarini moliyalashtirish davlat byudjeti tomonidan amalga oshiriladi.

Milliy gvardiya boʻlinmalari tomonidan taʼlim muassasalari yoki fuqarolardan maktablarni qoʻriqlash uchun pul talab qilish yuzasidan hech qanday topshiriqlar berilmagan. Shu sababli ham Xabar.uz tomonidan berilgan maʼlumot haqiqatga umuman toʻgʻri kelmaydi.

Milliy gvardiya matbuot xizmati oʻz munosabatida ommaviy axborot vositalari orqali yolgʻon maʼlumot tarqatish javobgarlikka sabab boʻlishini ham eslatib oʻtgan.