Nishon tumanidagi 14-maktabda ikki nafar fuqaro sinfxonasiga kirib, o‘quvchilarga jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan mol-mulk va yer soliqlarining to‘lov muddatlari haqida tushuntirish berib, eslatmalar tarqatgan. Holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan edi. Xizmat tekshiruvida quyidagilar aniqlandi.
Inspeksiya rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarga eslatmani aynan maktab hududida tarqatish haqida topshiriq berilmagan. Xodimlar maktab o‘qituvchisi bilan kelishib, sinf xonaga kirgan holda o‘quvchilarga eslatmalarni tarqatishgan. Holat sinf rahbari tomonidan video tasvirga olinib, sinf o‘quvchilari ota-onalarining Telegramdagi guruhiga tashlab yuborilgan. Natijada ushbu video tasvir ijtimoiy tarmoqlarga salbiy talqinda tarqalib ketgan.
Holat yuzasidan Nishon tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Raximqulov rasmiy ogohlantirish berildi. Xodimlar R.Nurmanov va B.Xazratqulovlarga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun Mehnat kodeksiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.
Qashqadaryo viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda barcha shahar va tuman soliq inspeksiyalari boshliqlari bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirildi.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirgandi. Unda taʼkidlanishicha, davlat soliq xizmati organlari maktabda bo‘lgan holatni noo‘rin xatti-harakat deb hisoblaydi va keskin qoralaydi.
Shuningdek, bolalar ombudsmani bola manfaatlari buzilishiga oid bu holatni o‘rganayotganini maʼlum qilgandi.
“Maktab o‘quv jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan begona shaxslarning taʼlimga oid tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi — mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!
Bolalar o‘z ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas! Bu bolaning konstitutsiya va qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga ziddir. Bunday nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga tegishli tarzda chora ko‘rilishi shart”, deyiladi xabarda.