Siyosat, Sport

Mirziyoyev Paralimpiada g‘olib va sovrindorlariga mukofotlarni topshirdi

Mirziyoyev Paralimpiada g‘olib va sovrindorlariga mukofotlarni topshirdi

Prezident sport jamoatchiligini ushbu natijalar bilan O‘zbekiston ahli nomidan tabriklab, nutq so‘zladi.

«Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi. Siz yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz. O‘zbekiston o‘z sport tarixida ko‘p-ko‘p yutuq va zafarlarni ko‘rgan. Lekin Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari bo‘lmagan edi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 12-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

«Sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat g‘alabaga intiladigan insonlarsiz. Intilgan, harakat qilgan odam ham, jamiyat ham kam bo‘lmaydi. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda bo‘lsin, sizlarga doimo baxt va omad keltirsin», dedi Prezident.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar so‘zga chiqib, yuksak hurmat va e’tibor uchun davlat rahbariga rahmat aytdi.