Uchib kelish zali yonidagi avtoturargoh asfaltlanyapti. Ammo hududda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagan. “Uzbekistan Airports” noqulaylik uchun uzr so‘rab, bu muammo bartaraf etilayotganini ma’lum qildi. Ta’mirlash ishlari 3 kun davom etadi, shu boisdan shaharga chiqish yo‘li taksi yo‘lagining ortiga ko‘chirilgan.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti avtoturargohida yo‘l qoplamasi qo‘porib olinib, ta’mirlanayotgani, ammo jarayonda xavfsizlik qoidalariga amal qilinmayotgani xabar qilindi. Tahririyatga kelib tushgan suratlarda haqiqatan ham hudud maxsus to‘siqlar bilan o‘rab olinmagani ko‘rinadi.
“Kelayotgan chet ellik mehmonlar va yurtdoshlarimizning chiqish yo‘lagi umuman o‘ralmagan va changdan himoya qilinmagan. Hamma yoq chang-to‘zon. Kutayotgan odamlar va mehmonlar chang ichida turibdi. Aeroport xodimlari esa bu holatga jimgina qarab o‘tirishibdi. Aeroport ma’muriyati “sizning shikoyatingizga 15 kun ichida javob beramiz” deb, gapni qisqa qilib qo‘yishdi. Tartib umuman yo‘q”, – deyiladi murojaatda.
“Kutib oluvchilar zaliga kirish shahar tarafdan amalga oshiriladi. Avtoturargoh hududidagi ta’mirlash ishlari uch kun ichida yakunlanishi kutilmoqda. “Uzbekistan Airports” va “Toshkent” aeroporti nomidan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilar va kutib oluvchilardan uzr so‘raymiz”,– deyiladi izohda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!