Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakat janubidagi suv toshqinlari tufayli tabiiy ofat rejimini e’lon qildi. Bu haqda PAP xabar berdi.
“Vakolatli vazirlar va xizmatlar bilan maslahatlashuvlardan so‘ng men Vazirlar kengashining tabiiy ofat holatini joriy etish to‘g‘risidagi qarorini tayyorlashni buyurdim”, deydi Tusk.
Nashrga ko‘ra, suvning ko‘tarilishi Polshaning janubi va janubi-g‘arbiy qismida kuzatilgan. Sileziya va Quyi Sileziya voivodliklarida (ma’muriy birlik) kuchli yomg‘irdan so‘ng Nisa daryosining o‘zanidan toshib ketishi tufayli sodir bo‘lgan. Ba’zi hududlarda ko‘priklar yuvilib ketgan, bir qator aholi punktlarida vertolyotlar yordamida evakuatsiya ishlari boshlangan. Noqulay ob-havo tufayli 260 mingga yaqin uy elektr energiyasiz qolgan, xavfsizlik xizmatlari 1,9 mingga yaqin aholini evakuatsiya qilgan. Moraviya-Sileziya mintaqasida temiryo‘l harakati deyarli to‘liq to‘xtagan.
Qayd etilishicha, noqulay ob-havo tufayli to‘rt voivodlikdagi 350 dan ortiq bog‘cha va maktablarda darslar to‘xtatilgan. Suv toshqini 1997 -yildan beri kuzatilganlari orasida eng yomoni deb ta’riflanmoqda. Tabiiy ofat oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, kuchli yomg‘ir Avstriya, Chexiya va Ruminiyada ham suv toshqinlari keltirib chiqardi. Xususan, Chexiya janubida 12 sentyabrdan beri uzoq davom etgan yomg‘irlar oqibatida suv toshqini yuzaga kelgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!