Jahon

Yevropa Ittifoqi ukrainalik erkaklarni ijtimoiy imtiyozlardan mahrum qilishi kerak — Polsha Tashqi ishlar vaziri

Yevropa Ittifoqi ukrainalik erkaklarni ijtimoiy imtiyozlardan mahrum qilishi kerak — Polsha Tashqi ishlar vaziri

«Polsha Yevropadagi harbiy xizmatga chaqiruv yoshdagi ukrainalik erkaklarga ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni to‘xtatish, ularni vataniga qaytishga va Rossiya bosqiniga qarshi kurashishga undash tarafdori», deya fikr bildirdi Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Kiyevda bo‘lib o‘tgan Yalta Yevropa strategiyasi anjumanida.

Sikorskiy Polsha qochqinlarga bunday to‘lovlar to‘lamasligini taʼkidlab, Yevropaning boshqa davlatlarini o‘z taklifini amalga oshirishga chaqirdi.

Sikorskiy Germaniyani misol qilib keltirdi: «Hozirda Germaniyada vaqtinchalik himoya ostida bo‘lgan ukrainaliklarga katta yordam ko‘rsatilmoqda». Vazirning aniqlik kiritishicha, gap 500 yevrodan oshiq miqdordagi to‘lovlar haqida bormoqda.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Yevropada erkaklarni ijtimoiy imtiyozlardan mahrum qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini, ammo buning uchun tegishli shartlar kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tashqarisida millionga yaqin, jumladan, Polshada 300 ming nafar safarbarlik yoshidagi erkaklar bor.