Ilm-fan, Jahon

Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi

Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazi ochildi
Qadimiy Ganja shahrida Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy nomidagi adabiyot instituti va uning Ganja bo‘limi, Ganja shahar hokimiyati va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan «Turk dunyosining Ozarbayjon – O‘zbekiston modeli» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Unda Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Muhammad Fuzuliy nomidagi qo‘lyozmalar instituti direktori, akademik Teymur Karimli, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Ganja bo‘limi rahbari, akademik Fuad Aliyev O‘zbekiston bilan hamkorlikning tobora jadallashishi har sohada ijobiy natijalar berayotganini va ushbu anjuman ham turkiy dunyoda alohida mavqega ega bo‘lgan O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlarining yangi modelini ishlab chiqishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov o‘zbek va ozar xalqlarining azaldan do‘st-birodar bo‘lgani, bugungi tahlikali zamonda umumiy maqsadlar yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib olg‘a intilishi nihoyatda muhim ekaniga e’tibor qaratdi.

Ilmiy-amaliy anjumanda «Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining turk dunyosidagi ahamiyati» mavzusida ma’ruzalar tinglandi.