Jahon

Pokistonda xorijlik diplomatlar mashinasiga hujum uyushtirildi

Pokistonda xorijlik diplomatlar mashinasiga hujum uyushtirildi

Pokistonda 11 ta davlat elchilariga hamrohlik qilayotgan politsiya mashinasi portladi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov “Tengri News” nashriga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 22 sentyabr kuni Xayber-Puxtunxva provinsiyasida sodir bo‘lgan. Oqibatda uch politsiyachi yaralangan, bir nafari halok bo‘lgan.

“Elchimiz shu kolonna tarkibida edi. Na u, na boshqa chet el elchilari zarar ko‘rdi, ular xavf-xatardan xoli. Hamma elchilar Islomobodga qaytishdi. Elchilar Islomobod Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan turizm bo‘yicha konferensiyada ishtirok etish uchun Svat shahriga yo‘l olgandi”, deydi Smadiyorov.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, favqulodda holat qo‘lbola portlovchi qurilma bilan portlatilgan zamonaviy politsiya mashinasida sodir bo‘lgan. “Geo” telekanali manbasi delegatsiya tarkibidan Rossiya, Qozog‘iston, Portugaliya, Efiopiya, Indoneziya, Tojikiston, Eron va boshqa davlatlar elchilari bo‘lganini yozmoqda.

Hozircha hech bir terrorchilik guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy hujumni qoralab, “terrorchi unsurlar nafaqat mamlakat va millatning, balki butun insoniyatning dushmani” ekanini aytgan.