Fuqarolik ishlari boʻyicha Shayxontohur tumanlararo sudining hukmiga binoan, fuqaroni nizoli xonadonga kirgizish va u yerdagi yordamchi xoʻjaliklardan foydalanish daʼvosini taʼminlash toʻgʻrisidagi ijro varaqasi Majburiy ijro byurosining Shayxontohur tuman boʻlimi ish yurituviga kelib tushdi.
Hujjatga koʻra, 70 yoshlardagi otaxon qizi tomonidan oʻzi yashab turgan uydan chiqarib yuborilgan.
Maʼlum boʻlishicha, bundan 6 yil oldin, ayoli tirikligida chol oʻzi yashab kelayotgan 3 xonali uyni qiziga hadya qilgan. Otaning uyni qizining nomiga oʻtkazib berishiga sabab, qizning oilasi boʻlmagani boʻlgan.
Mazkur xonadonda chol va kampirdan tashqari yana bir oʻgʻil, yaʼni qizning akasi ham roʻyxatda turgan.
Biroq qiz onasi vafot etgach otasini uydan haydab chiqargan, oʻz akasini esa rasman doimiy yashash roʻyxatidan oʻchirib tashlagan.
Aniqlik kiritilishicha, qizning oʻz yaqinlarini koʻchaga quvishiga qandaydir oilaviy kelishmovchilik sabab boʻlgan.
MIBning Shayxontohur tuman boʻlimi davlat ijrochisi Dildora Otamirzayevaning aytishicha, endilikda otaxon uyni qizining nomiga oʻtkazish boʻyicha bergan qarorini bekor qilmoqchi.
“(Qaror) bekor qilingach, qizni uy bilan taʼminlash yoki uydan foydalanish huquqiga ega boʻlgan ijro varaqasi kelsa, biz shunga qarab, sudning koʻrsatmasiga asosan ish yuritamiz” deydi MIB xodimi.
Yakunda, chol uyga kiritib qoʻyilgan.
MIB xodimi, shuningdek, otaxonning yigʻlaganini, u qizi tomonidan joniga qasd qilinishidan qoʻrqayotganini ham qoʻshimcha qilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!