Jamiyat

Selfi tushaman deb poyezd ustiga chiqqan maktab o‘quvchilarini tok urdi

Selfi tushaman deb poyezd ustiga chiqqan maktab o‘quvchilarini tok urdi

Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning ikki o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urdi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 17-sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasiga xodisa haqida xabar kelib tushgan.

Holat yuzasidan, tezkor tergov guruhi tuzilgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning 2 nafar 10-sinf va 1 nafar 8-sinf o‘quvchilari Uchko‘prik tumanidagi temir yo‘l bekatining belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, taqiqlangan hududga kirishgani aniqlandi.

Shuningdek, bekatda turgan bug‘doy tashuvchi poyezd vagonining ustiga chiqib, selfi tushmoqchi bo‘lgan ikki nafar o‘smirni yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.

Tok urishi oqibatida turli tan jarohatlarini olgan ikki sinfdosh tez tibbiy yordam mashinasida, shifoxonaga olib kelingan.

Birinchi bemor bolalar jonlantirish bo‘limida bo‘lib, tanasining 63 foizi kuyganligi maʼlum bo‘ldi. Ikkinchi bemorga tananing termik kuyish va o‘ng son suyagi sinishi tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.