Ilm-fan, Jamiyat

Nodavlat OTMlar reytingida Toshkent xalqaro universiteti yetakchi – «Yosh ziyokor» tahlili

Nodavlat OTMlar reytingida Toshkent xalqaro universiteti yetakchi – «Yosh ziyokor» tahlili

Bugun, 25-sentabr kuni Nodavlat tashkilotlarning faoliyatini kengaytirishga qaratilgan «Yosh ziyokor» nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda “Ta’lim sohasini rivojlantirishda nodavlat sektorning o‘rni: muammo va yechimlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlik mas’ullari, «Yosh ziyokor» uyushmasi a’zolari, nodavlat OTM vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etishdi. Tadbirda O‘zbekistonda nodavlat ta’lim, xususan nodavlat OTMlar faoliyati yildan yilga jonlanib, ta’lim tizimidagi qamrov va imkoniyatlari oshib borayotganligi, bu o‘z o‘rnida ta’lim bozori o‘sishiga ijobiy xizmat qilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Qayd etish joizki, oxirgi yillarda O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’limga katta imkoniyatlar berilmoqda. 2018-yildan buyon 6 yil davomida O’zbekistondagi Oliy talim muassasalari soni 72 tadan nodavlat OTMlar hisobiga 226 taga oshdi. Ularda 1 milliondan ortiq talaba tahsil oladi, 50 ming kishi dars beradi. Ishtirokchilar «Yosh ziyokor» uyushmasi tomonidan 2024-yil 1-mavsumi uchun ishlab chiqilgan O‘zbekistondagi nodavlat OTMlar reytingi natijalari bilan tanishdilar.

Ushbu reytingni ishlab chiqishdan maqsad oliy ta’lim sifatini oshirish, ijobiy raqobat muhini shakllantirish, nodavlat OTMlarda ilg‘or va zamonaviy talablarga moslashish ko‘nikmasini oshirish, aholida nodavlat oliy ta’limga nisbatan ijobiy fikr uyg‘otish va ogohlikni oshirish, ta’lim bozori jozibadorligini yaxshilashdan iborat.UShbu reyting 5 ta ko’rsatkich asosida baholanib tashkil etilgan. Reyting natijalariga ko‘ra, eng yaxshi natijani Toshkent xalqaro universiteti, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti, British Management University in Tashkent kabi nodavlat OTMlar ko‘rsatgan.

Tadbir davomida, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan “Yosh ziyokor” nodavlat ta’lim tashkilotlari uyushmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik haqida memorandum imzolandi.

Memorandum doirasida “Yosh ziyokor” uyushmasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nodavlat oliy ta’lim sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, nodavlat oliy ta’limni rivojlantirish, sohaga ilg‘or xalqaro standartlar va ta’lim dasturlarini jalb etish, nodavlat oliy ta’lim yo‘nalishiga milliy va horijiy grantlar jalb etish, fuqarolarning oliy ta’lim sohasi, xususan nodavlat oliy ta’lim borasidagi huquqiy madaniyatini yuksaltirish, nodavlat OTMlarning xalqaro darajada tan olingan nufuzli “TOP 1000” talikka kirishiga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikda ish olib boradilar.

Tadbir yakunida nodavlat OTM vakillarining sohadagi mavjud muammo va kamchiliklar bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri bilan ochiq savol-javoblar bo’lib o’tdi.