“Rossotrudnichestvo” vakolatli organlarga ushbu rusofob shaxsning Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qiladi… Ushbu shaxs ham, uning yaqin qarindoshlari ham hech qachon Rossiyada ta’lim olmaydi, stajirovkalarda ishtirok etmaydi, o‘zi uchun hech qanday imkoniyatlarga ega bo‘lmaydi, deb yozdi u o‘zining Telegram kanalida.
Primakovning ta’kidlashicha, “Rossotrudnichestvo” maktab o‘quvchisini kaltaklashni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu voqealardagi har qanday boshqa ishtirokchiga nisbatan, shu jumladan ta’lim muassasasi rahbariyatiga ham, agar ular bu holatni yashirsa yoki tegishli ma’muriy choralar ko‘rmasa, xuddi shunday chora-tadbirlarni qo‘llaydi.
Mariya Lvova-Belova: O‘zbekistonda rusiyzabon o‘quvchining kaltaklanishi bo‘yicha favqulodda vaziyat ko‘rib chiqilmoqda
Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova o‘zbekistonlik hamkasbi Surayyo Rahmonova bilan aloqada ekanini aytdi.
“Rus tilida so‘zlashuvchi o‘quvchining kaltaklanishi bilan bog‘liq vaziyat uning nazoratida. Hamkasb mamlakat Ichki ishlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga so‘rov yuborgan. Chilonzor tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda”, deydi Lvovoy-Belova o‘zining Telegram kanalida.
Xalqaro jinoiy sud 2023-yil 17-mart kuni Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergandi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilishda ayblanmoqda.
Rossiya va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari uchrashdi
Ma’lumot Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova tomonidan 27-sentyabr kuni e’lon qilindi.
“BMT Bosh assambleyasi doirasida Rossiya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Millatlararo murosasizlik ko‘rinishlariga qarshi kurashish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi”, dedi u
O‘zi nima gap?
Toshkentning Chilonzor tumanidagi 188-maktabda rus tili fani darsida o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisini urdi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida yozilishicha, o‘qituvchi rus sinfiga darsni o‘zbek tilida o‘tgan. O‘quvchi darsni rus tilida o‘tishni so‘ragan. Shundan so‘ng videoda aks etgan holat yuz bergan.
Rossiya TIV munosabati
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rish so‘ralganini aytdi.
“Bu masalani diqqat-e’tiborimiz markazida tutamiz”, degan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bolani urgan ayol sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, videodagi voqea uning dastlabki ish kunida kuzatilgan. Voqeadan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Ayni paytda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘qituvchining boshqa huquqbuzarliklari
Shu bilan birga, ushbu ayol boshqa bir qancha huquqbuzarliklar sodir etgani aniqlangan. Qizi o‘qiydigan boshqa maktabda maktab direktori o‘rinbosari bo‘lgan ayolga jismoniy kuch ishlatgan, Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularining qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan.
Bunday qilmishi uchun unga 25-sentyabr kuni 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000 so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Alisher Qodirov Mariya Zaxarovaga javob qaytardi
Alisher Qodirov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchini urgani yuzasidan O‘zbekistondan tushuntirish so‘raganiga munosabat bildirdi.
Unda bola huquqi O‘zbekiston maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilganini va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘rilishini ta’kidladi.
“Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa, to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli”, dedi “Milliy tiklanish” partiyasi deputati Alisher Qodirov.