Jahon, Madaniyat

Mirziyoyev Ashxoboddagi forumda ishtirok etmoqda

Mirziyoyev Ashxoboddagi forumda ishtirok etmoqda

Bugun, 11-oktyabr kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida “Zamon va sivilizatsiyalar o‘zaro aloqasi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro konferensiya ish boshladi.

Anjumanda Armaniston Respublikasi Prezidenti Vaagn Xachaturyan, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Mehmonlar orasida Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi Raisi, Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi rahbari, UNESCO Bosh konferensiyasi raisi, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy hukumatlar a’zolari, taniqli olimlar, madaniyat arboblari va diplomatlar ham bor.

Forumda Prezidentlar birin-ketin so‘z olmoqda. Ular “Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligi uchun” yubiley medali bilan taqdirlanmoqda.

Forum buyuk turkman shoiri va faylasufi Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan yirik dastur doirasida o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, mazkur forum doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lishi kutilmoqda.