Oʻzbekiston transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriev juma kuni Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tarkibidagi Global Rail Group shirkati rahbari Kvak Chol Xun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Bugungi kunda Janubiy Koreyaning KORAIL kompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan elektropoyezdlar turini Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodida mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish taklifi yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.
Mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan elektropoyezdlarining asosiy texnik xususiyatlari boʻyicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Tomonlar loyihaning qoʻshimcha imkoniyatlarini koʻrib chiqish, taklifni tahlil qilish va yangi ishlab chiqarish maydonlarini oʻrganishga kelishib oldi.
Eslatib oʻtamiz, iyunda Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning tashrifi chogʻida «Oʻzbekiston temir yoʻllari», «Temiryoʻlekspress» va Hyundai Rotem kompaniyalari oʻrtasida yangi «Toshkent — Urganch — Xiva» tezyurar yoʻnalishi uchun oltita elektropoyezd yetkazib berish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma imzolangan edi.
Avgust oyida prezident oltita Hyundai Rotem poezdi xarid qilish loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlarini tasdiqlagan edi. Koreyaning Eksimbanki 40 yilga 185,18 million evro miqdorida kredit beradi.
Shavkat Mirziyoev taklifi bilan elektropoyezd «Jaloliddin Manguberdi» deb nomlanadi. U ishga tushirilgach, Toshkentdan Xivaga 7 soatda (hozirda yarim kundan koʻproq) yetib borish mumkin boʻlishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!