Jamiyat

O‘zbekiston kosmik fazo, Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro shartnomaga qo‘shildi

O‘zbekiston kosmik fazo, Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish bo‘yicha xalqaro shartnomaga qo‘shildi

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967-yil 27-yanvar) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi Qonun imzolandi.

Bu davlat rahbarining 2022-yil 23-noyabr sanasidagi “Kosmik tarmoqni yana-da rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ–429-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2022–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini yana-da rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozim, “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi Shartnoma AQSH, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967-yil 27-yanvarda imzolangan va 1967-yil 10-oktyabrdan kuchga kirgan. Bugungi kunda unga 114 ta davlat qo‘shilgan. Mazkur hujjat kosmik fazoning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi 17 ta moddani o‘z ichiga oladi.

Shartnomaga qo‘shilish O‘zbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi. Xususan, hech qanday diskriminatsiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish, ortiqcha to‘siqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, bu borada davlatlararo tenglikka ega bo‘lish, uchirilgan kosmik obyektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiksiya hamda nazoratni saqlab qolish, kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi ko‘plab normalar shular jumlasidandir.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga qo‘shilishi bo‘yicha qabul qilingan Qonun, mamlakatimizning kosmik sohadagi huquqiy tizimi xalqaro umumeʼtirof etilgan prinsiplar va normalarga asoslangan holda rivojlanayotganidan dalolat beradi.