Madaniyat, Siyosat

Diniy qoʻmita Umra ziyorati uchun talablar kuchaytirilganiga izoh berdi

Diniy qoʻmita Umra ziyorati uchun talablar kuchaytirilganiga izoh berdi

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboev Umra litsenziyasi uchun 1 million dollar miqdoridagi mablagʻni depozitga qoʻyish talabini yoqlab chiqdi.

«Bu katta miqdor emas… Oʻsha 15 ming kishi bilan muammo boʻlganida, qoʻyilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yoʻq edi», — dedi Diniy qoʻmita vakili. U Umra ziyoratiga mustaqil borish haqida ham ma’lumot berdi.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboev 15 oktyabrʻ kuni Toshkentda xalqaro konferentsiya doirasida Umra litsenziyasining yangi shartlari haqida «Kun.uz»ga kichik interv’yu berdi.

1 million dollar rekvizitga qoʻyish sharti haqida

«Bu katta miqdor emas. Xabaringiz boʻlsa kerak, bunga qadar 100 ming dollar qoʻyish [majburiyati] bor edi. Oʻshanda 15 mingga yaqin fuqarolarimiz Saudiya Arabistonida qolib ketdi, ularning hammasi hukumat tomonidan olib kelindi. Bu haqda biror marta yoritmadingiz… Demoqchimanki, agar 1 million dollar rekvizitga qoʻyiladigan boʻlsa, havo yoʻllarini 600 dollardan hisoblaydigan boʻlsak, u erdagi mehmonxonalar va boshqa xizmatlarning hisobini olsak bu ham [1 million dollar] ming kishiga etyapti. Oʻsha 15 ming kishi bilan muammo boʻlganida, qoʻyilgan 100 ming dollarga 100 kishini ham qaytarib olib kelishga imkoniyatimiz yoʻq edi», — dedi Toshboev.

Uning ta’kidlashicha, bu shart ijtimoiy tarmoqlarda notoʻgʻri talqin qilinyapti.

«Biz monopoliya qilayotganimiz yoʻq, bu erda [shartlarni bajarishga] salohiyati bor 10 ta boʻladimi yoki 15 tami, turfirmalarning hammasi oʻtadi. Bu degani bitta Musulmonlar idorasi yoki 4−5 ta firma qoladi degani emas. Bugun tanlovni e’lon qilyapmiz, 15 kun ichida turfirmalarni ajratib olamiz. Balki 15 ta boʻlar, balki 20 ta kimning imkoniyati boʻlsa, oʻshalarni qoʻyamiz. Qimmatlashish boʻlmaydi, sifatli xizmat koʻrsatish boʻladi», — dedi qoʻmita raisi.

«Faqat moliya bilan bogʻliq narsa emas»

«Oldingi safar 77 firmaga litsenziya bergan boʻlsak, yana qanchasi noqonuniy faoliyat yuritgan. Na litsenziyasi boʻlgan, faqat turfirma ochib qoʻygan. Uyoqqa olib borganda sharoitlarni oʻzingiz koʻryapsiz. Maqsadimiz monopoliya qilish yoki boshqa emas. Rahmat deyishimiz kerak, oldinlari faqat bir yilda 2 marta fuqarolarimiz Umra qilolgan. Hozirgi kunda 560 mingga yaqin fuqarolarimiz Umraga borib keldi. Borsin, hamma borsin, lekin u erda sifatli xizmat koʻrsatishimiz kerak. Tibbiyoti boʻlsin, ellikboshisi ham», — dedi Sodiqjon Toshboev.

«U yerga borgan fuqarolarimizni kimga topshiryapmiz? Oʻzimiz ellikboshi berayotgan edik. Keyingi vaqtda, mana, ijtimoiy tarmoqlarda koʻryapmiz, u erga borganlarning gʻoyaviy «ishlovi» qanaqa boʻladi? Bizning «umrachi»larimizga kim xizmat koʻrsatyapti? Agar ularga oʻqigan, diniy soha xodimlari [hamrohlik qilib] boradigan boʻlsa… qaytib kelganidan keyin gʻoyaviy jihatidan ham toʻgʻrilashning imkoni qiyin boʻlib boryapti. Faqat moliya bilan bogʻliq narsa emas-da bu», — dedi u.

Umra ziyoratiga mustaqil borish haqida

«Bu bemalol, hech qanday toʻsqinlik yoʻq. Nusuk degan Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligining dasturi bor, [yoki onlayn turistik viza] uydan oʻtirib, olib boraversin, xohlasa. Xohlasa, Dubay yoki Turkiya orqali, xohlasa toʻgʻridan toʻgʻri reysda borsin. Bunga hech qanday qarshilik yoʻq. Uyingizdan oʻtirib bemalol olaverasiz, Saudiya Arabistoni ham buni bemalol ochib qoʻygan. Faqat fuqarolarimizda tushuncha notoʻgʻri boʻlyapti», — dedi rais.

Eslatib oʻtamiz, Umra ziyoratini tashkil etib beruvchi turfirmalar uchun 5 oktyabrdan quyidagi litsenziya talab va shartlari joriy etilmoqda:

ziyoratchilarga guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassisni tayinlash;

shtatida diniy ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha taʻʻlim muassasasi yoki Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisning mavjudligi;

voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat koʻrsatmaslik;

1 mln dollar miqdordagi mablagʻni «Ziyorat» jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish;

oʻz faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik;

ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonining faqat Umra vizasini rasmiylashtirish (qolgan vizalar bilan fuqarolarni olib borish noqonuniy faoliyat hisoblanadi);

ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam boʻlmagan mehmonxonalarga joylashtirish;

Umra xizmatini uchinchi davlatlar orqali koʻrsatmaslik;

Umra xizmatini litsenziyada koʻrsatilgan manzildan boshqa joyda joylashgan vakolatxona va filial orqali amalga oshirmaslik.

Bundan tashqari, Umra xizmatlarini Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq hamda ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish kerak.