Jamiyat, Jinoyat

“Koʻmir taʼminot” MChJ mudiri aholi uchun moʻljallangan koʻmirni boshqa joyga sotib yubordi

“Koʻmir taʼminot” MChJ mudiri aholi uchun moʻljallangan koʻmirni boshqa joyga sotib yubordi

“Koʻmir taʼminot” MChJ mudiri aholi uchun moʻljallangan koʻmirni sotib yuborgani maʼlum boʻldi.

Aholi va ijtimoiy soha obʼektlarini isitish uchun olib kelingan bahosi 447,2 mln soʻm boʻlgan jami 1 470 tonna koʻmir boshqalarga pullab yuborilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tumani boʻlimi tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda fuqaro F.M. “Erkinlik” MFY hududidagi noturar binoda saqlab kelgan tegishli hujjatlari boʻlmagan har bir qopi 20 kg. boʻlgan jami 5 000 qop koʻmirni fuqaro A.A.ga 100 mln soʻmga sotishga kelishib, ushbu pullar hisobidan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Koʻmir taʼminot” MChJning Uzun tumani ombori mudiri E.R. kuz-qish mavsumida tuman aholisi va tumandagi ijtimoiy soha obʼektlarini isitish uchun olib kelingan umumiy bahosi 447,2 mln soʻm boʻlgan jami 1 470 tonna koʻmirni qimmat narxlarda boshqa shaxslarga sotib yuborib davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganligi, xususan 2023-yilning sentabr oyida tadbir davomida ushlangan F.M.ga 180 tonna koʻmirni 120 mln soʻmga sotganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.