Jahon

11 ming shimoliy koreyalik Ukraina bilan jang qilishga tayyorlanmoqda

11 ming shimoliy koreyalik Ukraina bilan jang qilishga tayyorlanmoqda

Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshligʻi Kirill Budanov The War Zone nashriga bergan intervʻyusida Shimoliy Koreya qoʻshinlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyada tayyorgarlikdan oʻtayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirda Shimoliy Koreyaning 11 mingga yaqin piyoda askarlari Rossiya sharqida tayyorgarlikdan oʻtmoqda va ular 1 noyabrdayoq jangovar harakatlarga tayyor boʻlishadi.

«Hozirda bizda toʻliq manzara yoʻq», deb ta’kidladi Budanov va 2600 askardan iborat birinchi boʻlinmani Kursk viloyatiga yuborish rejalashtirilganligini qoʻshimcha qildi.

Qolgan Shimoliy Koreya qoʻshinlarining keyingi taqsimoti haqida ma’lumot hozircha mavjud emas. Bu bayonotlar Ukraina rahbariyati va xalqaro kuzatuvchilarning ilgari bildirilgan xavotirlarini tasdiqlaydi.

Avvalroq, 8-oktyabr kuni Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreya Rossiyani qoʻllab-quvvatlash uchun Ukrainaga muntazam qurolli kuchlarining bir qismini yuborishi mumkinligini ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu masalani bir necha bor koʻtarib, Shimoliy Koreya urushga haqiqiy qoʻshilganini e’lon qildi va hamkorlarni Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirdi. 17-oktyabr kuni u Rossiya Ukrainaga qarshi urushga 10 mingga yaqin shimoliy koreyalik askarni jalb qilmoqchi ekanligiga aniqlik kiritdi.

Rossiya hukumati KXDR harbiylarining ishtiroki haqidagi da’volarni rad etdi. 10 oktyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday xabarlarni ishonchsiz deb baholadi. «Bu navbatdagi ma’lumot yolgʻoniga oʻxshaydi», dedi Peskov jurnalistlarga.