G‘azoning shimolida, ayniqsa Jabaliyada 200 mingga yaqin aholi Isroilning 14 kundan beri davom etayotgan qurolli hujumi oqibatida oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar ta’minotida jiddiy tanqislikka duch kelmoqda. Bu haqda G‘azodagi Favqulodda holatlar xizmati xabar berdi.
Favqulodda holatlar xizmati matbuot kotibi Mahmud Basalga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azoning shimolida binolar, uylar va infratuzilmalarni bombalab, ularning barchasini yo‘q qilishga harakat qilmoqda.
“Ko‘plab falastinlik fuqarolar Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, ularning ba’zilari vayrona ostida qolgan yoki yo‘llarda otib o‘ldirilgan. Harbiy hujumlar davom etayotgani uchun biz ularning jasadlarini chiqarish imkoniyatiga ega emasmiz”, deydi u.
Basalning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi hududdagi har qanday harakatlanayotgan ob’ektni nishonga olmoqda, bu esa qutqaruv guruhlarining jasadlarni olib chiqishini imkonsiz qilib qo‘ygan.
Bundan tashqari, Isroil armiyasi kecha, 18-oktyabr kuni G‘azo shimolidagi harbiy hujumni kengaytirish maqsadida 162-diviziyaga Givati brigadasini yuborganini e’lon qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil 7-oktyabr – Isroil G‘azo sektoriga hujumni boshlaganidan buyon 42 400 dan ortiq odamning, asosan ayollar va bolalarning o‘limiga va 99,200 dan ortiq odamning jarohat olishiga sabab bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!