O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi.
Chiqindilarni qayta ishlash orqali uning tabiatga taʼsirini kamaytirish, foyda olish maqsadida qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilmoqda.
Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Bu sohaga Xitoyning boshqa bir kompaniyasi – “Shanghai SUS Environment” ham qiziqish bildirgan. U 310 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt soat elektr energiyasi olinadi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Tadweer Group” kompaniyasining 200 million dollar mablag‘i evaziga Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quriladi. Shundan so’ng kuniga 1 ming 500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!