Ichida Komil Allamjonov bo‘lgan yo‘ltanlamasga o‘q uzishda gumonlanganlardan biri ushlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.
Prezident administratsiyasi sobiq xodimi Komil Allamjonovning Range Rover yo‘ltanlamasiga qarata o‘q uzganlardan biri gumonlanuvchi tariqasida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Hodisa 26-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Qibray tumanida temiryo‘l kesishmasi hududida sodir bo‘lgan. Biz ikki noma’lum shaxs o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzgani va voqea joyidan g‘oyib bo‘lgani haqida yozgandik. Haydovchi va sobiq amaldorga zarar yetmagan.
Bosh prokuratura xabarida aytilishicha, bu qasddan qotillikka suiqasd qilish bo‘lgan.
Holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25-, 97- (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahri IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!