Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 13 yoshli bola ruhiy nosog‘lom qarindoshini o‘ldirib qo‘ydi. Bosh prokuraturaga ko‘ra, marhum bolaning qo‘liga pichoq berib, uni o‘ldirishini so‘rab qo‘rqitgan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida 18-oktabr kuni voyaga yetmagan bola odam o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, voyaga yetmagan Sh. A. (o‘g‘il bola, 13 yoshli) hududdagi tashlandiq joydan o‘tib ketayotgan vaqtida uzoq qarindoshi F.J. (erkak, 23 yoshli) uni chaqirib, qo‘lidagi pichoq bilan uni o‘ldirishini so‘ragan. Sh. A. buni rad qilganidan so‘ng, F.J. voyaga yetmagan bolani qo‘rqitgan, shu bois u F.J.ni pichoq bilan qasddan o‘ldirgan.
Jabrlanuvchining jasadi Navbahor mahallasi hududidagi kanalning tashlandiq joyidan topilgan.
BPning ta’kidlashicha, marhum F.J. ruhiy kasalliklar dispanserida “paranoid shizofreniya epizodik kechishi” tashxisi bilan ro‘yxatda turgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi (Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!