Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qoldi. Regulyator inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolayotganini qayd etdi. Yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.
Regulyatorga ko‘ra, iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda. Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.
2024-yil sentabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflari erkinlashtirilishining xizmatlar narxlariga ta’siri hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ortidan sentabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.
“Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganligini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda”, — deyiladi regulyator xabarida.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyatsion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.
“2024-yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda”, — deya qayd etgan Markaziy bank.
Regulyator, shuningdek, 2024-yil yanvar-sentabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etganini, investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘layotganini qo‘shimcha qilgan.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining 2023-yilga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sib borishi esa iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlayapti.
“Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari kuchli iste’mol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi. Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024-yilda YAIMning real o‘sishi 6,0−6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda”, — deya qayd etgan Markaziy bank.
Pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanayotganligini aks ettirayotgani aytilgan. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirishda davom etmoqda.
“Kredit qo‘yilmalari o‘sishining mo‘’tadillashuvi va omonatlardagi yuqori o‘sish sur’atlari yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillar ta’sirini pasaytirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkinligi aytilgan.
“Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi”, — deyiladi regulyator xabarida.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024-yil 12-dekabrga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Markaziy bank inflyatsiya xavfi pasayishi fonida asosiy stavkani yillik 13,5 foizgacha pasaytirishga qaror qilgan edi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushgandi.
17-oktabrda Markaziy bank asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishni bir haftaga — 24-oktabrdan 31-oktabrga ko‘chirishga qaror qilgandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!