Jahon

Eron Isroilga javob qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Eron Isroilga javob qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Eron parlamenti Isroilga harbiy javob qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Eronning yagona palatali parlamenti – Majlisning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Sardor Kosariga tayanib, “Didban Iran” xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Eronning Isroil zarbasiga javobi avvalgi javoblardan ancha kuchli bo‘ladi va “qarshilik o‘qi” kuchlari ishtirokida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi qarshilik guruhlari Isroilga javob berish uchun Eron Qurolli kuchlari bilan birlashadi.

Kosari yangi javobning, 1-oktyabrda Eron tomonidan Isroilga qaratilgan «To‘g‘ri va’da – 2» operatsiyasi, ya’ni raketa zarbasidan ancha kuchli bo‘lishini bildirgan.

“Ba’zi hukumat amaldorlari va boshqa shaxslar biz Isroilga javob bermaymiz deb aytishi mumkin, lekin hukumatdagi va undan tashqaridagi bu odamlar qaror qabul qilmaydi”, dedi Kosari.

Unga ko‘ra, qaror parlament tomonidan qabul qilingan. Hujumning aniq sanasi va vaqtini esa Qurolli kuchlar belgilaydi.

Avvalroq, 26-oktyabr kuni Isroil Eronning 1-oktyabrdagi hujumlariga javoban mamlakat hududidagi harbiy ob’ektlarga zarba bergan edi.

Shuningdek, Eron Qurolli kuchlari bosh shtabi Isroil Eronga zarba berish uchun AQSH armiyasi nazorati ostidagi Iroq hududidan foydalanganini ma’lum qilgandi. Isroil razvedkasi Eron ham yahudiy davlati tomonidan yaqinda amalga oshirilgan hujumga javoban Iroq hududidan jiddiy zarba bermoqchi ekanini ma’lum qildi.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy 28-oktyabr kuni Milliy xavfsizlik oliy kengashiga Isroilga qarshi javob zarbasi rejasini tayyorlashni buyurdi.