Ovozlarning 99,82 foizi sanab chiqilgach, Moldovaning amaldagi prezidenti Mayya Sandu davlat rahbarligi uchun saylovning ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi. Bu haqda mamlakat MSK ma’lum qildi.
Sandu 55,40% ovoz oldi, uning raqibi, Sotsialistik partiyadan nomzod va sobiq bosh prokuror Aleksandr Stoyanoglo 44,60% ovozni qo‘lga kiritdi.
Moldova hududida ovoz bergan saylovchilarning aksariyati Stoyanogloni qo‘llagan. Chetda yashovchi mamlakat fuqarolarining ovozlari esa Sandu foydasiga ustunlikni ta’minladi. Xorijda Sandu uchun 82,71%, Stoyanoglo uchun 17,29% ovoz berilgan. Xorijiy saylov uchastkalarini hisobga olmaganda, Stoyanoglo 51,19%, Sandu 48,81% ovoz oldi.
4-noyabrga o‘tar kechasi Sandu saylov natijalariga izoh berib, Moldova “g‘olib” bo‘lgani, mamlakat fuqarolari esa “tarix darsliklariga kiritishga arziydigan demokratiya sabog‘ini berishganini” aytdi.
“Biz birlashib, bizni kamsitmoqchi bo‘lganlarni yengishimiz mumkinligini isbotladik. Moldova butun Yevropa tarixida misli ko‘rilmagan hujumga uchradi: „iflos“ pullar, noqonuniy ovoz berish, jinoiy guruhlarning saylov jarayonlariga aralashuvi, jamiyatimizda nafrat va qo‘rquvning tarqalishi. Lekin xalqimiz birlashdi, fuqarolar g‘alaba qozondi”, — dedi amaldagi prezident.
Shuningdek, u saylovchilarga rus tilida murojaat qilib, fuqarolarga saylovga kelganliklari uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini qo‘llab-quvvatlaganlarning ovozini ham, Stoyanogloga ovoz berganlarning ovozini ham eshitgan. Sandu “hamma uchun” prezident bo‘lishga va’da berdi.
“Munosib kelajakni tanlashda hech kim yutqazmaydi. Biz turli nuqtai nazarlarga ega bo‘lishimiz, turli tillarda gapirishimiz mumkin, lekin barchamiz farzandlarimiz uchun tinchlik, o‘zaro tushunish va munosib hayotni istaymiz. Bu mening Moldova uchun yaqin yillarga mo‘ljallangan asosiy maqsadimdir. Biz jamiyatni birlashtirishimiz kerak”, dedi u.
Mayya Sandu 2020-yildan beri Moldovani boshqarib kelmoqda. Uning davrida mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi va nomzod maqomini oldi. Stoyanoglo agar g‘alaba qozonsa, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni o‘z ichiga olgan “muvozanatli” tashqi siyosat olib borishga va’da bergandi.
Moldova prezidenti saylovining birinchi bosqichi 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Unda jami 11 nafar nomzod ishtirok etgan. Moldovada prezidentlik saylovlari bilan bir qatorda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum o‘tkazilgan. Ovoz berganlarning 50,35 foizi Yevropa integratsiyasi tarafdori, 49,65 foizi qarshi chiqqan. Mamlakatning amaldagi prezidenti Sandu ham Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ovoz berishga chaqirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!