Jahon, Madaniyat

Qirgʻiziston xitoylik sayyohlarga vizani bekor qildi

Qirgʻiziston xitoylik sayyohlarga vizani bekor qildi

Qirgʻiziston Xitoydan kelayotgan sayyohlar uchun vizasiz rejim joriy qildi. Endilikda Xitoydan Qirgʻizistonga kelgan 5 dan 25 kishigacha boʻlgan guruhlar mamlakatda 21 kun davomida vizasiz qolishi mumkin boʻladi. Qirgʻiziston hukumati ushbu qarorni turizmni rivojlantirish niyati bilan izohladi.

Vazirlar Mahkamasining 28-oktyabrdagi qaroriga koʻra, Qirgʻizistonga vizasiz kelgan sayyohlik guruhi kamida besh, koʻpi bilan 25 kishidan iborat boʻlishi kerak.

Ular avval tasdiqlangan turistik dastur boʻyicha kelishlari va qaytish uchun aviachiptaga ega boʻlishlari kerak.

“Sayyohlarga Qirgʻizistondan chiqib ketganidan keyin 21 kundan keyin vizasiz qayta kirish huquqi beriladi. Xitoydan sayyohlar uchun vizasiz rejimning joriy etilishi Qirgʻiziston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, turistlar oqimini koʻpaytirish va oʻzaro manfaatli iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan”, — deyiladi Qirgʻiziston Iqtisodiyot va savdo vazirligi xabarida.

Qirgʻiz hukumati raisining oʻrinbosari Edil Baysalov “Xitoy – Markaziy Osiyo” 11-forumidagi yigʻilishda hukumatning ushbu qarori haqida gapirdi. Uning qayd etishicha, Bishkekning bunday qadami turizm uchun ijobiy natijalar beradi.

Mazkur qaror xitoylik sayyohlarning Qirgʻizistonda qolishini osonlashtiradi. Mavjud talablarga koʻra, Xitoy fuqarosi AQSh, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya vizasi hamda uzoq muddatli Shengen vizasiga ega boʻlsagina Qirgʻiziston boʻylab 7 kungacha vizasiz sayohat qilishi mumkin. Bir haftalik turar joydan soʻng, joʻnab ketgan kundan boshlab 21 kun oʻtgach, u xuddi shunday shartlar bilan yana Qirgʻizistonga qaytish huquqiga ega.

Hozirda Makao va Gonkong maxsus ma’muriy hududlari aholisi qaytish chiptasi bilan Qirgʻizistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkin.