Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻlladi.
MBning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan joriy yilning oktabr oyidagi yigʻilishlarida (8 marta) 32 ta masala koʻrildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish (4 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatiga olish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini koʻrib chiqishga doir (8 ta) masalalar koʻrildi.
Shu bilan birga, Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala – Markaziy bankning koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida oʻtkazilgan oʻrganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qoʻllanildi.
Shuningdek, 2 ta toʻlov tashkiloti va 2 ta toʻlov tizimi operatori tomonidan toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qoʻyilgan talablar bajarilmaganligi sabab ogohlantirilgan.
4 ta tijorat bankida esa xavfsizlikni taʼminlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan. Ular ham chora va sanksiyalar borasida ogohlantirish oldi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!