Kecha, 11-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlab, urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini bildirgan edi. Qalampir.uz nashri bu borada mamlakat tibbiyot tizimi qay darajada tayyorligi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirining bolalar va ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan bog‘landi.
Ta’kidlanishicha, falastinlik bolalarni davolashga O‘zbekistonning imkoniyati yetarli.
“Prezident bu taklifni aytishidan oldin, avvalo imkoniyat bilan tanishib chiqqan bo‘ladi. Ha, bizda ularni davolash uchun joylar ham, mutaxassislar ham yetarli. Masalan, COVID-19 vaqtida qurilgan maxsus shifoxonalarimiz turibdi. Ammo qancha miqdorda bemor keladi, ular qanday taqsimlanadi, qancha mutaxassis jalb qilinadi, bularning bari maxsus topshiriqdan keyin aniq bo‘ladi. Agar hukumat tomonidan topshiriq tushsa, keyin maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi”, dedi Bositxonova.
Ma’lumot uchun, G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotiga ko‘ra, 7-oktyabrdan beri Isroil hujumlari oqibatida 43 603 kishi, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. 102 929 nafar falastinlik esa yaralangan. Ularning katta qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!