Yangiliklar

Rossiyada farzand ko‘rmaslik haqidagi chaqiriqlar taqiqlandi

Rossiyada farzand ko‘rmaslik haqidagi chaqiriqlar taqiqlandi

Rossiya parlamenti “farzand ko‘rishdan ongli ravishda voz kechishni targ‘ib qilish” yoki “bolalarsiz mafkura targ‘ibotini” taqiqlovchi qonun loyihasini bir ovozdan maʼqulladi. 

Davlat Dumasining barcha deputatlari bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan ushbu hujjat bolalar tug‘ilishiga qarshi tashviqot sifatida qabul qilinishi mumkin bo‘lgan materiallarni, shu jumladan kino va ommaviy axborot vositalarida ommaviy tarqatishni cheklaydi.

«Bolasiz mamlakat bo‘lmaydi», – dedi Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ovoz berishdan oldin. U qonun Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy kelajagi uchun muhim bo‘lgan demografik o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganligini taʼkidladi.

Yangi qonun loyihasida «bolalarsiz targ‘ibot» uchun katta miqdordagi jarimalar ko‘zda tutilgan: jismoniy shaxslar uchun 400 ming rublgacha (taxminan 4100 AQSH dollari) va ommaviy axborot vositalari, filmlar, reklama va onlayn platformalar orqali bunday g‘oyalarni tarqatuvchi tashkilotlar uchun 5 million rublgacha (taxminan 51 ming dollar).

Rus pravoslav cherkovining iltimosiga ko‘ra, qonun loyihasiga «monastirlik va monastir turmush tarzi to‘g‘risida maʼlumot tarqatish, turmush qurmaslik va farzand ko‘rishdan voz kechish vaʼdasiga rioya qilish» Rossiya qonunchiligini buzmaydi, degan izoh kiritilgan.

Qonun loyihasi hali ham parlamentning yuqori palatasi – Federatsiya Kengashi tomonidan 20 noyabr kuni maʼqullanishi, keyin esa prezident Vladimir Putin tomonidan imzolanishi kerak. Bundan tashqari, deputatlar jinsini o‘zgartirish taqiqlanmagan mamlakatlar fuqarolari tomonidan rus bolalarini asrab olishni taqiqlovchi tegishli qonun loyihasini maʼqulladi.