Hindistonning NDTV kanali xabariga ko‘ra, Nyu-Dehlidagi millionlab odamlarning sog‘lig‘iga tahdid solayotgan havo ifloslanish darajasi Havo sifati indeksi (AQI) bo‘yicha 481 ga chiqib, «o‘ta og‘ir» toifaga ko‘tarilgan.
Zaharli tutun va tuman natijasida shaharda ko‘rish masofasi 150 metrgacha qisqarib ketgan, mintaqada aviaparvozlar va poyezdlar qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng hukumat havo ifloslanishi oqibatlarini kamaytirish uchun qattiqroq choralar ko‘rayotganini e’lon qildi.
Ushbu chora-tadbirlar doirasida rasmiylar toza energiya yoqilg‘isidan foydalanmaydigan barcha yuk mashinalari va shunga o‘xshash transport vositalarining Nyu-Dehliga kirishi taqiqlanganini ma’lum qildi, bolalar, qariyalar hamda nafas, yurak-qon tomir va boshqa surunkali kasalliklarga chalingan odamlarga yopiq joylarda qolishni tavsiya qildi.
Hukumat, shuningdek, 10 va 12-sinflardan tashqari barcha o‘quvchilar uchun maktablarda yuzma-yuz ta’lim to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Hindistonda havoning ifloslanishi bo‘yicha “juda past”, «past», «og‘ir» va “o‘ta og‘ir” toifalariga bo‘lingan “Bosqichma-bosqich qarshi kurash choralari rejasi” (GRAP) amalga oshirilmoqda. Havo sifati «o‘ta og‘ir» toifaga ko‘tarilishi bilan Hindistonda GRAP doirasida favqulodda vaziyatlardan tashqari ko‘mir, yog‘och va dizel generatorlaridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatlar taqiqlangan.
Nyu-Dehli aholisi, shuningdek, shaharda harakatlanish va avtomobil chiqindilarini imkon qadar kamaytirish uchun jamoat transportidan foydalanishga chaqirildi. Har yili bayramlarda pirotexnika, uchqun kabi mahsulotlarni sotish taqiqlangan bo‘lsa-da, ularni boshqa shaharlardan yetkazib berishning olinmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!