AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan uch nafar O‘zbekiston sobiq amaldorlarni Magnitskiy ro‘yxatiga qo‘shdi.
Moliya vazirligi axborotiga ko‘ra, “Mehribonlik uyi“ning sobiq rahbari Yulduz Xudaybergenova, shuningdek, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov “odam savdosi va gender zo‘ravonlik, xususan, davlat mehribonlik uyidagi bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik“da ayblanmoqda.
Ular davlat xizmatchisi bo‘la turib muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va bolalar savdosi bilan shug‘ullangan. Xudaybergenova davlat mehribonlik uyi direktori bo‘lib turgan vaqtida kamida uch nafar voyaga yetmagan qizni kamida 10 oy davomida pul va mol evaziga olti erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.
U ularning itoatkorligini ta’minlash uchun jismoniy zo‘ravonlik, tahdid, ochlik va izolyatsiyadan foydalangan. Masharipov va Kuryazov mehribonlik uyi uchun “sovg‘a“ evaziga bolalar bilan jinsiy aloqa qilishni talab qilgan va shu maqsadda muassasaga muntazam tashrif buyurgan.
Amaldorlar kiritilgan global Magnitskiy qonuni sanksiyalari ro‘yxatida butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarining jiddiy buzilishiga mas’ul shaxslar o‘rin olgan. Endilikda ularga nisbatan viza cheklovlari joriy etiladi, ularning AQShda yoki AQSh nazoratida mulklari yoki mulkiy manfaatlari bo‘lsa, muzlatiladi, ushbu shaxslar 50 foiz yoki undan ortig‘iga egalik qiluvchi kompaniyalar ham sanksiyaga tushadi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil sentyabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudi Yulduz Xudaybergenovani 5,5-yilga, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipovni esa 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan edi. Avvalroq huquq faoli Abdurahmon Tashanov Adliya vazirligining sobiq xodimlari jazo muddatini qamoqda emas, manzil koloniyada o‘tayotganini ma’lum qilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!