Jahon, Jamiyat

Angliyaga mavsumiy ishga borish uchun roʻyxatdan oʻtish jarayoni bugundan boshlanadi

Angliyaga mavsumiy ishga borish uchun roʻyxatdan oʻtish jarayoni bugundan boshlanadi

2025-yil 10-yanvar kuni Buyuk Britaniyaning “HOPS” rekruting kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlari uchun onlayn roʻyxatdan oʻtish ochiladi.

Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1-bosqich: Migratsiya agentligining veb-saytida onlayn roʻyxatdan oʻtiladi.

Bunda talabgordan oʻzining xorijga chiqish fuqarolik pasporti hamda elektron pochta (ism-familiya chet elga chiqish pasportidagidek boʻlishi kerak) manzili soʻraladi.

Onlayn roʻyxatdan oʻtish keyingi tanlov bosqichlarida ishtirok etishni kafolatlamaydi. Tanlov qarorlari “HOPS” tomonidan qabul qilinadi.

2-bosqich: Onlayn test sinovi “HOPS” operatori tomonidan 2025-yil 14–15-yanvar kunlari oʻtkaziladi. Test maʼlumotlari faqat roʻyxatdan oʻtgan va tanlangan fuqarolarga elektron pochta orqali yuboriladi. Shu sababli, bu bosqichda talabgordan elektron pochtasini diqqat bilan tekshirishi soʻraladi. Agar onlayn test uchun havola olinmagan boʻlsa, tanlanmaganlik xulosasi beriladi.

3-bosqich: “HOPS” operatori vakillari onlayn test orqali tanlangan nomzodlar bilan bogʻlanib, oflayn suhbat oʻtkazadi va kelajakda amalga oshiriladigan rejalar boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar beradi.

Bunda nomzodlardan quyidagilar talab etiladi:

▪️18 yoshdan kichik boʻlmaslik;

▪️ rus tilini yaxshi bilish;

▪️qoniqarli darajadagi jismoniy va psixologik holat.

Mehnat sharoitlari:

▪️ish haqi soatiga 11,44£;

▪️ish beruvchi haftasiga kamida 32 soat ish berishni kafolatlaydi;

▪️viza toʻlovi 298 funt sterlingni tashkil qiladi;

▪️aviachipta narxi joriy tarif va xarid vaqtiga bogʻliq.

Roʻyxatdan oʻtish uchun ushbu manzilga kiriladi. Birinchi bosqich bugun, (Toshkent vaqti bilan) soat 15:00 dan 19:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida boʻlib oʻtadi.

Tanlov toʻliq “HOPS” operatori tomonidan bepul amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bu jarayonda ishtirok etmaydi.

Migratsiya agentligi tanlangan fuqarolarning Buyuk Britaniyaga joʻnab ketishini keyinchalik tashkil etish bilan shugʻullanadi.

Agentlik Angliyaga pul evaziga mavsumiy ishga yuborishni taklif qilayotgan tijorat kompaniyalari yoki uchinchi shaxslardan ogoh boʻlishni soʻramoqda.