Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda Presight kompaniyasi rahbari Tomas Pramotedam, AIQ kompaniyasi rahbari Magjan Kenesbay va Khazna kompaniyasi rahbari Hasan al-Naqbi, Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti prezidenti Erik Sing ham ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniyalar katta ma’lumotlar tahlili va SI sohasida yetakchilar qatoriga kiradi. Muhammad bin Zoid universiteti bu sohadagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan dunyodagi birinchi OTM hisoblanadi.
Tomonlar generativ sun’iy intellektni ishlab chiqish, shu jumladan, energetika sohasida “katta til modellari»ni qo‘llash, Toshkentda yirik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga doir kelishuvlarga erishdi.
Muhammad bin Zoid nomidagi Sun’iy intellekt universiteti bilan almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Prezident talabalarni o‘qitish dasturini ishga tushirib, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi»ni qabul qilishni taklif etdi.
Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini birgalikda ishga tushirish, texnologik klasterlar tashkil etish va kontaktsiz to‘lov operatsiyalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish rejalari muhokama qilindi.