Jahon, Siyosat

Janubiy Koreya prezidenti ikkinchi urinishda hibsga olindi

Janubiy Koreya prezidenti ikkinchi urinishda hibsga olindi

Bir necha kun avval prezidentni qoʻlga olish jarayoni muvaffaqiyatsiz tugagandi.  

Janubiy Koreyada tergovchilar prezident Yun Sok Yolni ikkinchi urinishda hibsga oldilar.

Prezident qarorgohidagi koʻp soatlik qarama-qarshilikdan soʻng tergovchilar bu safar Yunni Korrupsiya boʻyicha tergov byurosiga olib kelishga muvaffaq boʻlishdi.

Yun avvalroq qisqa videomurojaat eʼlon qilgan edi, unda u hali ham hibsga olish noqonuniy ekanligiga ishonishini, ammo qon toʻkilishini oldini olish uchun tergovchilar va politsiyaga boʻysunishga qaror qilganini aytgan.

Dekabr oyi boshida Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etishga urinib koʻrdi, shundan soʻng parlament uni isyonga urinishda ayblab, impichment eʼlon qildi.

Yun 14 dekabrdan beri (parlament unga impichment eʼlon qilish uchun ovoz bergan sana) prezidentlik lavozimidan chetlashtirildi, biroq uni lavozimidan chetlashtirishdan oldin impichment Konstitutsiyaviy sud tomonidan tasdiqlanishi kerak. Sud qaror qabul qilmaguncha, Yun Sok-Yol rasman prezident boʻlib qoladi.

Yun Sok Yol isyonga urinish ayblovlarini rad etdi va harbiy holat joriy etilishi «siyosiy hisoblangan qaror» ekanligini va u buni davlatni muxolifatdan himoya qilish uchun qabul qilganini aytgan.

Yanvar oyi boshida birinchi hibsga olish muvaffaqiyatsiz tugagandi.