Abdujabbor Egamberdiyev 1974-yilda Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar u Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
U 2021-yilning fevral oyida Andijon tumani hokimi lavozimiga kelgan. Bungacha Bo‘z, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa tumanlari va Andijon shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i, shuningdek, Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Egamberdiyev 2022-yil sentabrida prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan lavozimidan ozod etilgan. Ma’lum qilinishicha, bunday qarorga “davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklar” sabab bo‘lgan.
Bungacha tuman hokimligi matbuot xizmati qabulxonalarda hokim va boshqa hokimlik vakillari ayvonda o‘tirgani, aholi ulardan bir necha metr narida, bir daraja pastda turgan yoki o‘tirgani suratlarini e’lon qilgan. Hokimlik xabarlarida ta’kidlanishicha, qabullar “inson qadr-qimmati yo‘lida” tamoyili asosida tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari suratlarga izoh berib, hokimni “xon” deya atashgan.
U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 229−4-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida (Takroran, sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligi oborotidan chiqishiga sabab bo‘lgan yeri berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan.
Unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Biroq 2024-yilning yanvarida Oltinko‘l tuman sudi uni muddatidan ilgari (1 yil 3 oy 16 kun) mas’ul lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan shartli ozod qilgan.