Jamiyat

Xalqaro avtobus qatnovlarida yo‘lovchi ma’lumoti bojxona postiga oldindan yetkaziladi

Xalqaro avtobus qatnovlarida yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni bojxona organlariga oldindan taqdim etish tizimi joriy etilishi mumkin. Bu postlarda o‘tkazuvchanlikni oshirish va rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.

24-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unga ko‘ra, xalqaro qatnovlarni ko‘paytirish maqsadida avtobus yo‘lovchilari haqidagi ma’lumotlar ham aviareyslar kabi oldindan olinadi. Bu esa avtobuslarning chegara postlaridan soddalashtirilgan tartibda o‘tishiga yordam berib, rasmiylashtirish vaqtini ikki barobar qisqartiradi.

Bojxona nazoratida sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jahon banki mutaxassislari ko‘magida «xavf tizimi»ni takomillashtirish rejalashtirilgan. Ushbu tizim moliyaviy barqarorlik, savdo tarixi kabi 122 mezon asosida tadbirkorlarning ishonchlilik darajasini baholaydi. Shuningdek, rentgen tasvirlari sun’iy intellekt orqali tahlil qilinib, xavfli tovarlar avtomatik ravishda aniqlanadi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, fuqarolar uchun qulayliklar yaratish, tadbirkorlar va turistlarga tezkor xizmat ko‘rsatish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida bojxona qonunchiligini to‘liq moslashtirish vazifasi qo‘yildi.