Janubiy Koreya o‘zbekistonlik ishchilarni kemasozlik sanoatining yirik markazi bo‘lgan Ulsan shahri uchun maxsus dastur doirasida o‘qitadi va ish bilan ta’minlaydi, deya Koreatimes xabar bermoqda.
Koreya Mehnat va bandlik vazirligi xabarida, taxminan 280 nafar ishchi O‘zbekistonda kemalar qurish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun o‘qitiladi. Ular joriy yil oxirida E-9 ishchi vizasi bilan Koreyaga kelib, kemasozlik kompaniyalarida ish boshlaydi. Bu viza qishloq xo‘jaligi, qurilish va ishlab chiqarish kabi jismoniy mehnat talab qilinadigan sohalardagi xorijiy ishchilar uchun mo‘ljallangan.
Dastur hukumatning joriy yilda xorijiy davlatlardan 130 000 kishini E-9 vizasi asosida ish bilan ta’minlash rejasining bir qismi sifatida ishga tushirilgan.
Dastlabki ishchi guruhining o‘qitilishi mart oyining 18-kunidan O‘zbekiston hukumati tomonidan ajratilgan markazda boshlanadi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvning bir qismi hisoblanadi. O‘qitish xarajatlari Ulsan shahar hokimiyati tomonidan qoplanadi.
Dastlabki guruh Koreyaga iyul oyida yetib kelishi kutilmoqda. Yil davomida qo‘shimcha guruhlar keladi.
“Pilot loyiha muhim ahamiyatga ega, chunki mahalliy hokimiyat va kompaniyalar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ishchilarni bevosita tayyorlashda ishtirok etadi. Natijada, kompaniyalar malakali ishchilarga ega bo‘lishadi, ishchilar esa tez moslashadi. Bu esa o‘z navbatida, xodim va ishchilar o‘rtasidagi muloqotni yaxshilaydi, baxtsiz hodisalar sonini kamaytiradi va ish unumdorligini oshiradi. Bu tajriba dasturining natijalaridan kelib chiqib, kelajakda boshqa sanoat tarmoqlari uchun ham shunday moslashtirilgan dasturlar joriy qilishni ko‘rib chiqamiz.” deyiladi vazirlik bayonotida.
Dastlab dastur kemasozlik sohasidan boshlanadi, keyin esa mahalliy hokimiyat va kompaniyalar ishtirokidagi hamkorlik modellarini kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun: Janubiy Koreya kema ishlab chiqarish sanoatida yetakchilardan biri hisoblanadi. Koreyaning dunyo kemasozlik sanoatidagi ulushi 29,3 foizni tashkil etadi. Bu borada koreyaliklar 2-o‘rinda turadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!