Rossiyaning Saxa Respublikasi Neryungri shahrida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yo‘qotib, qiyin ahvolga tushib qolgan ayol va uning to‘rt nafar farzandi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Novosibirskdagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi mazkur oilaga yordam ko‘rsatib, bolalarining hujjatlarini yo‘qotgan onaga bepul qaytish guvohnomasi rasmiylashtirdi. Shuningdek, ayol va uning farzandlari uchun aviachipta sotib olinib, ular bugun O‘zbekistonga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston hukumati so‘nggi yillarda xorijda qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarni vatanga qaytarish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
2024-yil avgust—sentyabr oylarida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga olib kelingan.
- Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq, shuningdek, Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni saqlash markazidan 4 nafar bola vatanga qaytarilgan.
- Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelingan.
- Dekabr oyida Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola qaytarilgan.
- 2025-yil fevral oyida esa Rossiyada ikki farzandi bilan qiyin ahvolga tushib qolgan ayol O‘zbekistonga olib kelingandi.
O‘zbekiston elchixonalari va konsulliklari xorijda og‘ir ahvolga tushgan vatandoshlariga yordam berishda davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!