Yangi Toshkent shahrini barpo etish uchun Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidan yer olindi. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning tegishli qarori qabul qilindi.
Viloyat hokimining qaroriga ko‘ra, Yuqori Chirchiq tumanidan 122,3 gektar yer maydoni Yangi Toshkent shahrini barpo etish uchun ajratilgan.
“Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan Ilovada keltirilgan qishloq xo‘jaligigamo‘ljallanmagan davlat zaxirasidagi 122,3 gektar yer maydoni “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilsin”, deyiladi qarorda.
Taʼkidlanishicha, shaharni barpo etish uchun Bordonko‘l hududidan 75,22 gektar, Do‘stlik hududidan esa 47,1 gektar yer maydoni ajratilgan.
Maʼlumot uchun: 2024 yilning 13 mart kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, Toshkent viloyati hududidan 19 729,41 gektar yer maydonlari Toshkent shahrining Yangi Toshkent tumani tarkibiga o‘tkazilgandi. 22 avgust kuni esa Yuqori Chirchiq tumani hududidan Yangi Toshkentni barpo etish uchun yana umumiy hisobda 158,67 gektar yer maydoni ajratilgan edi. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning 2024 yilning 22 oktyabrdagi tegishli qarori bilan Yuqori Chirchiq tumanidagi 110,4 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarilgan hamda uning toifasi o‘zgartirilgan, doimiy foydalanish uchun “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga oʻtkazilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!