Madaniyat, O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi

Prezident islohotlarning ilk kunlaridanoq tadbirkorlar bilan hamfikr bo‘lib, iqtisodi qudratli, sanoati raqobatbardosh, moliyaviy tizimi barqaror, barcha sohalari investorlar uchun jozibador bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishilganini qayd etdi.

O‘tgan sakkiz yilda iqtisodiyotimizning ko‘plab tarmoqlari yangidan tashkil etildi. Bu davrda 230 milliard dollar investitsiya kirib keldi, shundan 120 milliarddan ortig‘i – xorijiy sarmoya.

“Bir qarashda aytishga oson ushbu raqamni oldinlari hisob-kitob qilish tugul, tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Lekin biz buni uddaladik”, – dedi Prezident.

Turli nizo va ziddiyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti g‘oyat murakkab davrni boshidan o‘tkazayotgan bir vaqtda pragmatik va proaktiv siyosat tufayli birinchi yarim yillikda iqtisodiyotimiz 7,2 foizga o‘sgani ta’kidlandi.

Davlat rahbari tadbirkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ham mutlaqo yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning barchasi bugundanoq kuchga kiradi.

Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish o‘rinlari yaratishda eng samarador yo‘nalishlardan biri bo‘lgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi.

Yil boshidan O‘zbekistonga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat bo‘ylab ichki sayohatga chiqdi. Kelasi 3-4 yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetadi.

Shu bois turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur boshlanadi.

Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun to‘lov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor bo‘lib kiradi.

Tadbirkorlar 10 yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin bo‘ladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida to‘layman desa, 20 foiz chegirma beriladi.

Mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. 

Ko‘p tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylantirayapti. Endi yangi mehmonxona uchun ko‘zda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.

Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming so‘mgacha turistik yig‘im to‘lab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yig‘imni to‘lamaydi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, oilaviy mehmon uylari turistlarni qabul qilishi bo‘yicha kunlik me’yor 10 nafardan oshmasligi belgilangan. Endi bu cheklov 2 karraga ko‘paytiriladi.

Prezident mahalliy mehmonxonalar, oilaviy mehmon uylari o‘rtasida tanlov o‘tkazishni taklif qildi.

Tanlovning mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘ladi, sayyohlar e’tiborini qozongan, nufuzli xalqaro platformalarda eng ko‘p ijobiy e’tirof olgan mehmonxonalar har yili taqdirlanadi.

Qaysi hududda infratuzilma yaxshi bo‘lsa, o‘sha joy tadbirkorlarni o‘ziga tortadi, servis gurkirab rivojlanadi.

Shu bois, infratuzilma olib borish orqali yirik turistik maskanlari ko‘paytiriladi. Chortoqning Qorabog‘ mahallasi, Farg‘onaning Chimyoni, Boysundagi Omonxona, Nuroboddagi Nurbuloq shaharchasida master-reja asosida “yil 12 oy” xizmat ko‘rsatadigan 300-500 gektarli yirik kurort zonalari tashkil etiladi.

Bu loyihalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar beriladi.