Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, xorijga ishga yuborish bo‘yicha noqonuniy reklama joylashtirgan blogerlar – “iwash_tashkent” sahifasi egasi O.Jo‘rayev va “abdurahmonmufid” sahifasi egasi A.Abdurahmonov sudga berildi.
Qayd etilishicha, ular ijtimoiy tarmoqlarda Adworld Group MCHJ faoliyatiga oid xorijga ishga yuborish xizmatlarini reklama qilib, fuqarolarga konsalting emas, balki bevosita xorijga ishlash uchun yuborish xizmatlari ko‘rsatilishini targ‘ib qilgan.
Qonunga muvofiq:
– “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga ko‘ra, xorijga ishga yuborish faoliyati faqat tegishli litsenziya mavjud bo‘lgandagina amalga oshirilishi mumkin.
– Litsenziyasiz xorijda ishga joylashtirish faoliyati taqiqlanadi.
– “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida esa sertifikatsiz yoki litsenziyasiz xizmatlarni reklama qilish mumkin emasligi belgilangan.
Holat yuzasidan O.Jo‘rayev va A.Abdurahmonovga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!