AQSh prezidenti Donald Tramp sog‘lig‘i bilan bog‘liq muhokamalar markazida qolmoqda. The Daily Beast yozishicha, 22-avgust kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “The People’s House” tadbirida olingan suratlarda uning o‘ng qo‘lida tonal kremning qalin qatlami ko‘zga tashlangan. Jurnalistlarning fikricha, krem ko‘kargan joylarni yashirish uchun qo‘llangan.
Nashr xabariga ko‘ra, Tramp Oval kabinetda o‘ng qo‘lini chap qo‘li bilan to‘sib o‘tirgan, ammo matbuot oldida chiqish vaqtida tonal krem baribir sezilgan. Kuzatuvchilarning qayd etishicha, prezident qo‘lini kameradan yashirishga urinib, noqulay harakatlar qilgan.

Avvalroq ham uning qo‘lidagi ko‘karishlar e’tiborni tortgan. Oq uy bu holatni “ko‘p marta qo‘l siqish” hamda prezidentning yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun aspirin qabul qilishi bilan izohlagan edi. “Prezident Tramp har kuni minglab amerikaliklar bilan uchrashadi. Uning xalqqa xizmat qilishga sodiqligi o‘zgarmaydi”, — dedi matbuot kotibi Kerolayn Levitt.
Iyul oyida shifokorlar unga surunkali venoz yetishmovchilik tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berilgan. Bu keksalarda uchraydigan kasallik bo‘lib, shish va qon dog‘lari bilan kechadi. Shunga qaramay, bahorgi yillik tibbiy ko‘rikda shifokor Shon Barbabella prezidentning ahvolini “jismoniy va aqliy jihatdan a’lo” deya baholagan edi.
So‘nggi oylar ichida Trampning suratlari va ommaviy chiqishlari uning sog‘lig‘i borasida yangi savollarni paydo qilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!