O‘zbekiston milliy jamoasiga yangi bosh murabbiy izlash jarayonida portugaliyalik mutaxassis Paulu Bentu asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda Football-Asian nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida tajribali murabbiy izlamoqda. Avvalroq 2014 yilgi jahon chempionati g‘olibi Yoahim Lyovga taklif bildirilgan, biroq u rad etgan. Turkiyaning faxriy murabbiyi Fotih Terim ham nomzodlar ro‘yxatida bor, ammo hali ko‘ndirilmadi.
Endi e’tibor 56 yoshli Bentuga qaratilgan. U 2010–2014 yillarda Portugaliya terma jamoasini boshqargan va Yevro-2012 yarim finaliga olib chiqqan. Keyinchalik Janubiy Koreya bilan JCh-2022 final bosqichida qatnashib, Osiyoda ham obro‘ qozongan. Shuningdek, Braziliyaning «Kruzeyro», Gretsiyaning «Olimpiakos», Xitoyning «Chunsin Lifan» klublarida ham ishlagan. So‘nggi faoliyati BAA terma jamoasi bilan bog‘liq.
Nashrning yozishicha, yaqin haftalarda muzokaralar hal qiluvchi bosqichga kiradi.
«Bentu Markaziy Osiyoning yetakchi jamoasi taklifini qabul qiladimi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Ammo uning nomzodlar qatorida tilga olinishi O‘zbekistonning qat’iyatini ko‘rsatmoqda», — deb yozadi nashr.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!