Davlat xavfsizlik xizmati Andijon va Namanganda korrupsiya bilan bog‘liq holatlar fosh etilganini ma’lum qildi.
Xususan, Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi rahbarlaridan biri va Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari o‘zaro til biriktirib, baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbaridan sudga da’vo arizasi kiritmaslik evaziga unga tegishli bo‘lgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dalahovlini hokim o‘rinbosarining qarindoshi nomiga o‘tkazib berishni talab qilgan.
Tezkor tadbirda hokim o‘rinbosarining ukasi dalahovli hujjatlarini notarius orqali turmush o‘rtog‘i nomiga rasmiylashtirish chog‘ida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan tuman hokimi o‘rinbosari va Ekologiya boshqarmasi mansabdoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Boshqa holatda Andijon viloyatidagi Kadastr agentligi bo‘limi boshlig‘i fuqaroning ishonchiga kirib, 17 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olayotganda ushlandi. Unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi.
Namanganda esa maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri hamda ikki xususiy bog‘cha rahbari fuqaroni mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2 500 dollar talab qilgan. Tezkor tadbirda ular pulni olayotgan paytida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davom etmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!