Rossiyalik Roman Germaniyada ta’lim olayotgan muhojir sifatida Yevropa hayotini yaxshi bilishini aytadi. U bloger Dmitriy Mashkovga bergan intervyusida Rossiyadagi markaziy osiyolik migrantlarning ijtimoiy mavqeiga to‘xtaldi.
Romanning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari iqtisodiyot uchun katta hissa qo‘shmoqda.
“Ular ishlaydi, soliq to‘laydi va xizmat ko‘rsatadi. Bu ruslar uchun katta sovg‘a. Markaziy osiyoliklarni kamsitish – adolatsizlik”, – deydi u.
Uning ta’kidlashicha, Yevropaga kelayotgan muhojirlarning aksariyati qochqin bo‘lib, ijtimoiy yordam olishni birinchi o‘ringa qo‘yadi.
“Yevropadagi migrantlar darhol nafaqa so‘rashadi (oyiga 600 yevro), til o‘rganishga qiziqmaydi va ko‘pincha ishlashdan qochadi. Rossiyadagi markaziy osiyoliklar esa boqimonda emas, balki mehnatkash ishchilar”, – dedi Roman.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Rossiyada bir rus fuqarosi o‘zbek muhojirini “sen qulisan” deya haqorat qilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Mazkur voqea migrantlarga nisbatan kamsitish muammosini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Roman Yevropa va Rossiya tajribasini solishtirib, Markaziy Osiyo muhojirlarining qo‘shgan hissasi ko‘proq qadrlanishi lozimligini qayd etdi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!