Hodisa, Jahon

Afg‘onistondagi zilzila: qurbonlar soni 600 dan oshdi

Afg‘onistondagi zilzila: qurbonlar soni 600 dan oshdi

Afg‘oniston sharqida yakshanba kuni kechasi yuz bergan 6 magnitudali zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 622 kishiga yetdi. Tolibon hukumati Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 1,500 dan ortiq odam jarohatlangan.

Avvalroq kamida 250 dan ortiq kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, talafotlar miqyosi ancha kattaligi ma’lum bo‘ldi.

Qurbonlarning ko‘pi Kunar viloyatida qayd etilgan, shuningdek, Nangarhor va Laghman hududlarida ham talafotlar kuzatilmoqda. Zilzila epitsentri Jalolobod shahridan 27 km, poytaxt Qobuldan esa 140 km uzoqlikda joylashgani bildirilmoqda. Vayron bo‘lgan uylar ostida qolgan odamlar ko‘pligi sababli qurbonlar soni yana ortishi mumkinligi aytilmoqda.

Qutqaruv ishlariga tog‘li hududlardagi ko‘chkilar ham to‘sqinlik qilmoqda. Ayrim hududlarga faqat vertolyotlar orqali yordam yetkazilmoqda. Asadobod shifoxonasi rahbari Muladad doktorning aytishicha, “har 5 daqiqada bir yarador” olib kelinmoqda. Shifoxona to‘lib ketgani bois ko‘plab bemorlar yerda yotishga majbur bo‘lgan. Nangarhor shifoxonasiga ham 250 ga yaqin jarohatlangan olib borilgani ma’lum qilindi.

Mutaxassislar zilzila tunda sodir bo‘lgani va uylarning asosan loy hamda toshdan qurilgani qurbonlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lganini ta’kidlashmoqda.